Главная » Файлы » Соғ-Саломатлик ҳақида |
Soch to'kilsa nima qilish kerak?
09.02.2014, 11:05 | |
Soch to'kilsa nima qilish kerak? Avvalo soch to'kilishiga moyillik tug'diruvchi eng katta omillardan biri irsiy sabablar ekanligi ko'pchilikka ma`lum Qolaversa, alopesiya ya`ni soch to'kilishi ko'pincha kosmetologik nuqson sifatida qaralgan. Ammo soch to'kilishi har doim ham soch ildizining holati yomonligi tufayli yuz beravermaydi. Uning asosiy sabablari tanada yashiringan bo'lib, bu sabablar turfa xil bo'lishi mumkin. Quyida ushbu sabablar haqida muxtasar fikr yuritmoqchimiz. Bu dard tashhisini aniqlash va davolash esa mutaxassis shifokor tomonidan amalga oshirilishi lozim. Soch to'kilishiga olib keluvchi sabablar sirasiga quyidagilar kiradi: 1 Yallig'lanish kasalliklari. Sochlar yuqori haroratli isitma va titroq bilan kechadigan tumov, qizilcha, zotiljam (o'pka yallig'lanishi)dan so'ng ikki oylar o'tgach to'kilib boshlashi mumkin. Bu sog'aygandan so'ng eng kamida bir necha hafta davom etadi. 2 Tug'ruqdan keyingi holat. Ayollar farzand ko'rganlaridan ikki – uch oy o'tgach sochlari to'kila boshlashi va bu yarim yilgacha davom etishi mumkin. Bu homilador ayol organizmining o'ta zaruriy vitamin va mikroelementlarga muhtojligi natijasi o'laroq yuzaga keladi. Vaqt o'tgach jarayon asta-sekin to'xtaydi. 3 Ichki a`zolar kasalliklari. Xavfli surunkali kasalliklar sil, zaxm (sifilis), oqqon (leykoz) dardi, ichki sekresiya bezlari - qalqonsimon va oshqozon osti bezi, gipofiz, tuxumdonlar xastaliklari organizm holatini keskin o'zgartirib yuborishi mumkin. Bu esa teri, tirnoq va sochga o'z ta`sirini o'tkazmay qolmaydi. Asosiy kasallik davolanilgandan keyin sochlar yaxshilab parvarish qilinsa, ular o'z asliga qaytadi. 4 Dorivorlarning noxush qo'shimcha ta`siri. Yuzdan ortiq turli xil dori darmonlar soch to'kilishiga olib keladi. Homiladorlikdan saqlovchi vositalar, qon bosimiga qarshi tabletkalar, siydik haydovchi, depressiyaga qarshi vositalar va hatto muntazam qabul qilinadigan aspirin ham suiste`mol qilinganda sochlarga zararli ta`sir ko'rsatishi mumkin. Shuning uchun ularni o'z bilgicha ichish aslo mumkin emas. Agar sochingiz to'kilishidan tashvishda bo'lsangiz, biror bir dorini ichishdan oldin mutaxassis bilan maslahatlashing. Agar u yoki bu dori sochga aks ta`sir qilsa, u holda shifokoringiz sizga boshqa dori tavsiya qilishi mumkin. 5 Nurlanish. Rentgen va boshqa nurlar ham sochning vaqtinchalik to'la to'kilib ketishiga va boshning kal bo'lib qolishiga olib kelishi mumkin. Agar nurlanish juda kuchli bo'lgan bo'lsa, u holda kallik doimiyga aylanadi va sochni tiklash imkoniyati yo'qolishi mumkin. 6 Gormonal buzilishlar ham soch to'kilishiga olib keladi. Sochlar sog'lom bo'lishi uchun yetishmayotgan gormonlar o'rnini to'ldirish muhimdir. Buning uchun shifokor ko'rsatmasi va tavsiyasiga amal qilish zarur. 7 Mexanik bosim va soch tolalarini zo'riqtirish. Sochga taqiladigan turli xil qisqichlar, taroqlar va boshqa bezakli taqinchoqlar soch ildizi va bosh terisini zo'riqtiradi, natijada soch to'kila boshlaydi. 8 Stress holatlari. Asabiylik, surunkali ziqlik, tajanglik va tushkunliklarda ham soch juda siyraklashishi mumkin. Bunday holatlardan qutilish uchun shifokor ko'magi kerak bo'ladi. 9 Darmondorilar yetishmovchiligi. Dorixonalarda sotiladigan ayrim polivitaminlar ham soch tuzilishiga aks ta`sir qilishi mumkin. Shuning uchun, yaxshisi, mutaxassis shifokordan sizga qanday vitaminlar zarur ekanligini aniq bilib oling. 10 Zaharlanish. Agar soch to'p-to'p bo'lib to'kilsa, bu og'ir metallardan zaharlanish belgisi bo'lishi mumkin. 11 Erkaklarga xos gormonlarining ayollarga ta`siri. Hayz jarayonining o'zgarishi yoki androgen gormonlarning miqdori qonda yuqori bo'lishi ham ayollarda soch siyraklashishiga sabab bo'ladi. 12 Disbakterioz ya`ni ichak mikrofloralari muvozanati buzilishi ham hazm qilish, oqsillar, vitaminlar va mineral moddalar singishining buzilishi bilan kechgan holatda soch to'kilishiga sabab bo'lishi mumkin. 13 Soch parvarishidagi qusurlar. Soch yuvuvchi shampunlarni noto'g'ri tanlash, sun`iy bo'yoqlarni ishlatish kabilar ham xavfli omillar sirasiga kiradi. O'ta tannoz ayollarda soch so'rg'ichlari qurib, soch ingichkalashib to'kilishi kuzatiladi. Yuqorida soch to'kilishining ayrim sabablari haqida to'xtaldik, xolos. Tibbiy nuqtai- nazardan kuniga 50-60 dona soch to'kilishi me`yoriy holat hisoblanadi. Soch to'kilishining sabablarini aniq-tiniq bilmasdan turib, o'z bilgicha davolanishga intilish turli ko'ngilsizliklarga sabab bo'lishi mumkin. Shuning uchun davolanish, albatta, mutaxassis maslahatisiz amalgam oshirilishi mumkin emas. | |
Просмотров: 3644 | Загрузок: 0 | |
Всего комментариев: 0 | |